Qadimiy Xorazm - o‘z hududida ko‘plab qadimiy sivilizatsiya obidalari saqlanib qolgan va butun dunyodan sayyohlar hamda olimlarning e’tiborini tortadigan noyob tarixiy qo‘riqxona va arxeologik maskandir. “Ming qal’a mamlakati” - Xorazmni aynan shu hududda joylashgan son-sanoqsiz qadimiy yodgorliklar tufayli shunday atashadi. Xorazmning boy tarixi va madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi qadimiy qal’alar bo‘ylab yangi sayyohlik yo‘nalishlarini yaratishga qaratilgan “CASTLE TOUR” loyihasi ishlab chiqildi. Sizning e’tiboringizga qadimiy Xorazm tarixining 8 ta noyob obidasi bo‘ylab yo‘nalishni havola etamiz.
“Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi

Barcha sayyohlar Xivaning asosiy xazinasi - shaharning tarixiy markazida joylashgan va YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ichan qal’ani ko‘rish uchun Xivaga tashrif buyurishadi. Qadimiy qal’a devorlarida 60 ga yaqin tarixiy inshoot saqlanib qolgan. Bu yerda Ko‘hna ark qal’asi, Toshhovli saroyi majmuasi, Xiva ramzlari hisoblangan Kalta minor va Islomxo‘ja minoralari, 213 ta naqshinkor ustunli mashhur Juma masjidi kabi noyob tarixiy obidalarni ko‘rish mumkin.
Qalajiqqal’a majmuasi

Qalajiqqal’a arxeologik majmuasi Qoraqum cho‘lining markazida, Urganchdan 90 km uzoqlikda joylashgan. Majmua hududida ikkita asosiy diqqatga sazovor joy mavjud: taxminan 3000 yillik qal’a va shifobaxsh xususiyatlarga ega sho‘r ko‘l. Qalajiqqal’a qadimiy Xorazm hududidagi eng qadimgi qal’alardan biri hisoblanadi. Devorlarining balandligi 14 metr, eni esa 2,5 metrni tashkil etadi. Majmua hududida “Qalajiq” sog‘lomlashtirish markazi joylashgan.
Sulaymonqal’a majmuasi

Hozirgi Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida joylashgan bu sharqiy qal’a-shahar bir zamonlar qadimiy Xorazmning mustahkam istehkomlaridan biri bo‘lgan. Bu qal’ani “Xorazmning oltin darvozasi”, “Sulaymon qal’asi” yoki “Ming otliqli qal’a” deb bejiz atashmagan. Xorazm hukmdorlari bu qal’a-shaharga doimo alohida e’tibor qaratib, u yerda saralangan otliq va piyoda askarlar guruhini saqlaganlar. Bundan tashqari, bu qal’a o‘lkaning savdo-iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutgan. Mana, bir necha yildirki, Sulaymonqal’a hududida arxeologik qazishmalar olib borilmoqda. Topilgan ashyolar va madaniy yer qatlamlariga ko‘ra, shaharning yoshi kamida 2700-2800 yilga teng deb taxmin qilish mumkin.
Ulli hovli tarixiy majmuasi

“Ulli hovli” (ya’ni “Katta hovli”) Xorazm viloyatining Urganch tumanida joylashgan. Bu tarixiy majmua 1650-1660-yillarda Abulg‘ozi Bahodirxon (1603-1664) davrida qurilgan bo‘lib, o‘sha paytda Xiva va Urganch oralig‘ida yashovchi hamda bu hududdan o‘tuvchi savdo karvonlarini dushman hujumlaridan himoya qiluvchi jasur turkmanlar uchun harbiy shaharcha vazifasini o‘tagan. Turkmanlarning iltimosiga binoan, Abulg‘ozi Bahodirxon ularga G‘azovot kanalining shimoliy qismidagi qumli yerni turkman qishlog‘ini barpo etish uchun ajratib bergan. Keyinchalik turkmanlar bu hududda “Ulli hovli” majmuasini bunyod etishgan va u ikki xalq madaniy merosining muhim obyektiga aylangan.
Tuproqqal’a

Tuproqqal’a Nukus - Xorazm avtomobil yo‘lidan 212 metr g‘arbda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani Bo‘ston qishlog‘idan 12,3 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan. Bu yodgorlikni, qadimgi Xorazm sivilizatsiyasining boshqa ko‘plab yodgorliklari singari, mashhur arxeolog va tarixchi Sergey Pavlovich Tolstov kashf etgan. Bu voqea 1938-yilda qidiruv ishlari olib borilayotgan paytda yuz bergan. Shaharchaning maydoni 120 gektarni tashkil etadi. Bu Xorazmning afrig‘iylargacha bo‘lgan davriga oid arxeologik yodgorlik bo‘lib, baland supada joylashgan muqaddas saroyli shahar-qal’adir. U ulkan mudofaa devori va to‘rtburchak minoralar bilan o‘ralgan to‘laqonli shahar bo‘lgan. Tuproqqal’aning markaziy saroyini ilohiy uchlik - Axuramazda, Anaxita va Mitra bilan bog‘liq uchta minora-ibodatxona to‘ldirib turadi.
Ayozqal’a

Bo‘ston shahridan (Ellikqal’a tumani) 20 km shimoli-sharqda noyob Ayozqal’a joylashgan. Qal’aning nomi turkiy tildan “shamoldagi qal’a” deb tarjima qilinadi. Ayozqal’aning 3 ta qal’a-qo‘rg‘oni mavjud. Ulardan biri miloddan avvalgi 3-4 asrlarga tegishli bo‘lib, aynan shu yerda joylashgan, ikkinchisi esa qal’a-nekropol bo‘lib, milodiy I asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi va asosiy qal’aning janubi-g‘arbida joylashgan. Ayozko‘l sho‘r ko‘li yaqinidagi baland tepalikda Ayozqal’aning birinchi manzilgohining katta qal’asi joylashgan. Yaqin atrofda joylashgan ikkinchi qal’a Kushonlar davrida bunyod etilgan. Uchinchi qal’a janubi-g‘arbiy qismda joylashgan. Qal’a mustahkam devor bilan o‘ralgan bo‘lib, uning ortida katta saroy xarobalari, minoralar va labirintlarni ko‘rish mumkin.
Qizilqal’a

Turkiy tilda “qizil rangdagi qal’a” degan ma’noni anglatuvchi Qizilqal’a Tuproqqal’adan 1,3 km g‘arbda joylashgan. Geometrik jihatdan qal’a kvadrat shaklida bo‘lib, ikki tomondan minoralar va balandligi 16 metrgacha bo‘lgan, o‘q otish tuynuklari mavjud devor bilan o‘ralgan. Uning kirish joyiga janubi-sharqdan qiyalik orqali borish mumkin. Qal’a dastlab so‘nggi antik davrda, milodiy 1-4 asrlarda qurilgan, ammo keyinchalik tashlab ketilgan va mo‘g‘ullar istilosi arafasida, 12-13 asrlarda qayta tiklangan. Olimlar qal’adan qo‘shinlar uchun garnizon kazarmalari sifatida yoki ilk o‘rta asrlar Xorazmiga xos bo‘lgan mustahkamlangan mulkdor uylari sifatida foydalanilgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilishadi.
Chilpiqqal’a

Nukusdan 40 km uzoqlikda qadimgi Xorazm yodgorliklarini o‘rganuvchi tadqiqotchilar e’tiborini tabiiy dumaloq tepalik ustidagi balandligi 15 metr va diametri 65 metr bo‘lgan doira shaklidagi minora-qal’aga qaratishlari lozim. Bu zardushtiylarning Chilpiq dahmasi yoki “Sukunat minorasi” deb ataluvchi joy bo‘lib, zardushtiylar bu yerga marhumlarning suyaklarini ossuariylarga solib ko‘mishdan oldin qo‘yishgan. Chilpiq dahmasi o‘zining ulkan o‘lchamlari bilan hayratga soladi va tarixiy davrlar tutashgan nuqtada Qadimgi Xorazmda zardushtiylik madaniyati ravnaq topgan davrga oid. Minora taxminan miloddan avvalgi 1 asr oxiri - milodiy 1 asr boshlarida bunyod etilgan. Qadimgi minora 8 asr boshlarida arab qo‘shinlari bosqini va Xorazm hududida islom dini o‘rnatilganidan keyin ham daxma sifatida qo‘llanilgan. Dahmaning ichki qismida ikkita qayta qurish izlari saqlanib qolgan: birinchisi 7-8 asrlarda, ikkinchisi esa keyinroq - 9-10 asrlarda amalga oshirilgan. Keyinchalik minora vaqti-vaqti bilan kuzatuv va signal minorasi vazifasini bajargan, 12 asr boshlaridagi mo‘g‘ullar bosqiniga qadar unda navbatma-navbat soqchilar turishgan.
Amudaryo quyi oqimida joylashgan Qadimgi Xorazm tarixiy mintaqasi azaldan o‘zining qadimiy madaniyati, rivojlangan sug‘orma dehqonchiligi, hunarmandchiligi va savdosi bilan shuhrat qozongan. Xorazm orqali Buyuk Ipak yo‘lining o‘tganligi uning iqtisodiy taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan. Xorazmning mashhur qal’alari esa mintaqada yuksak madaniyat va faol shahar hayoti mavjud bo‘lganidan dalolat beradi. Xorazmning qadimiy qal’alari bo‘ylab sayohat unutilgan sivilizatsiyalarning qadimiy dunyosiga sho‘ng‘ish imkonini beradi va insonni bu olamning o‘tmishi hamda cheksizligi haqida mushohada yuritishga undaydi.
Izoh